Neʼmatov Odiljon Nizomiddinovichning vafoti munosabati bilan yaqinlari va oila aʼzolariga xamdardlik bildiradi

Neʼmatov Odiljon Nizomiddinovichning vafoti munosabati bilan yaqinlari va oila aʼzolariga xamdardlik bildiradi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Neʼmatov Odiljon Nizomiddinovichning vafoti munosabati bilan yaqinlari va oila aʼzolariga xamdardlik bildiradi.

Joriy yilning 7 avgust sanasida Oʻzbekistonning yetuk onkolog, ftiziatr va torakal jarrohlaridan biri, Neʼmatov Odiljon Nizomiddinovich ogʻir hastalikdan soʻng vafot etdilar.

 Bugun yana bir hamkasbimizdan judolik — barchamizni chuqur qaygʻuga soldi. Hamkasbimiz Odiljon Neʼmatov dunyoni barvakt tark etdi.

Odiljon Nematov 2005 yilda magistraturani tamomlagach, mutaxassislik darajasini yanada rivojlantirish maqsadida, dastlab Toshkent viloyat onkologiya dispanserida onkolog shifokor sifatida faoliyat yuritdi. Keyinchalik Odiljon Neʼmatov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 2014 yilga qadar abdominal jarrox sifatida faoliyat yuritdi va oʻzining mehnatsevarligi, bilimdonligi, tirishqoqligi va bemorlarga jonkuyarligi bilan markazdagi barcha tibbiyot hodimlari orasida hurmat qozona oldi. Oʻzining ilmiy va amaliy faoliyati bilan Oʻzbekiston onkologiya tizimida muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi, muntazam bilim va koʻnikmalarini oshirib bordi.

Odiljon keyinchalik oʻz faoliyatini Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida torakal jarroh sifatida davom ettirdi va shu kungacha ishlab kelayotgan edi. 

Bu qisqa muddat ichida Odiljon yurtimizning koʻzga koʻringan shu soha olimlariga shogirdlik qilib, oʻz sohasining yetuk mutaxassisiga aylana oldi va talaygina shogirdlar xam tayyorlashga ulgurdi. 

Odiljon Neʼmatov oilasiga mehribon, doʻstlariga vafodor, ustozlariga sadoqatli shogird, shogirdlariga talabchan ustoz, bemorlarga hamdard va masʼul bir  inson sifatida barchamizning xotiramizda abadiy qoladi.

Qisqa, lekin joʻshqin hayot kechirgan doʻstimiz bir inson erishishi mumkin boʻlgan koʻp narsaga erishishga ulgurdi, lekin bizlar undan yanada koʻproq yutuqlarni kutgan edik.

Odiljon Neʼmatovning bu dunyoni tark etishi oilasi, doʻstlari, ustoz va shogirdlari uchun, yurtimiz tibbiyoti va millatimiz uchun katta judolik deb bilamiz. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy — amaliy tibbiyot markazi maʼmuriyati va hamkasblari Neʼmatov Odiljon Nizomiddinovichning vafot etishi munosabati bilan u kishining yaqinlari va oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiradi.